2025-11-09
|Savol ID: 000410
Kategoriya: Tadbirkorlik subyektlarini tashkil etish
Muallif: MUROTOV JURABEK SAFAROVICH
Agarda rezidentlar o'rtsida bo'lsa xorijiy valyutada berish mumkin emas, foiz masalasida t'qiq yo'q
Avvalo, jismoniy shaxs tomonidan xorijiy valyutada qarz berish imkoniyati masalasini aniqlashtirish lozim. «Valyutani tartibga solish to‘g‘risida»gi Qonunning 17-moddasiga muvofiq, rezidentlar o‘rtasida ruxsat etilgan valyuta operatsiyalari ro‘yxati belgilangan. Ushbu modda talabiga ko‘ra, rezidentlar o‘rtasida chet el valyutasida qarz berish va hisob-kitoblar amalga oshirishga yo‘l qo‘yilmaydi. Shu bilan birga, «rezident» tushunchasi Soliq kodeksidagi ta’rifdan farq qiladi. O‘zbekiston Respublikasining 841-XII-sonli Qonunining 6-moddasiga muvofiq, rezidentlar — bu O‘zbekiston fuqarolari (shu jumladan chet elda bo‘lganlar), O‘zbekiston hududida doimiy yashash guvohnomasiga ega bo‘lgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, O‘zbekiston qonunchiligiga muvofiq tashkil etilgan barcha yuridik shaxslar hamda ularning O‘zbekistonda va uning tashqarisida joylashgan filial va vakolatxonalari hisoblanadi. Demak, agar korxona ta’sischisi O‘zbekiston rezidenti bo‘lsa, u chet el valyutasida qarz berishi mumkin emas. Agar ta’sischi norezident bo‘lsa, u holda O‘zbekiston Respublikasining valyutani tartibga solish to‘g‘risidagi qonuniga muvofiq korxonaga xorijiy valyutada moliyaviy qarz berishi mumkin. Endilikda foizlar masalasiga to‘xtalsak: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 734-moddasiga ko‘ra, agar qonun yoki qarz shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, qarz beruvchi qarz oluvchidan qarz summasiga shartnomada belgilangan miqdorda va tartibda foiz olish huquqiga ega. Foizlarni to‘lash tartibi va muddatlari qarz shartnomasida belgilanadi. Agar ular shartnomada aniq ko‘rsatilmagan bo‘lsa, foizlar asosiy qarzni qaytarish muddatida va o‘sha tartibda to‘lanadi. Xulosa qilib aytganda: tomonlarning o‘zaro kelishuviga asosan qarz shartnomasida dastlabki uch oy davomida foizlarni hisoblamaslik va to‘lamaslik shartlarini nazarda tutish mumkin. Bunday holat qonunga zid emas, chunki Fuqarolik kodeksi bu masalani tomonlarning kelishuviga ko‘ra erkin tarzda belgilash imkonini beradi.
Bo'sh